1979-yil 8-avgustda “Paxtakor” Voroshilovgradning “Zarya” jamoasini 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratadi. Ushbu o'yin “Paxtakor”ning o‘sha vaqtdagi tarkibi uchun eng so‘nggi bo'ldi.
11 avgust kuni Toshkent-Guryev-Donesk-Minsk yo‘nalishida parvoz qilayotgan TU-134 samolyoti, Chelyabinsk-Kishinyov reysini bajarayotgan yana bir TU-134 samolyoti bilan 8 400 metr balandlikda to‘qnashib ketdi. Halokat oqibatida ikki samolyot bortida bo‘lgan jami 178 kishi halok bo‘ldi. Ular orasida o‘sha vaqtda o‘zbek futbolining faxri sanalgan "Paxtakor" jamoasining 17 nafar tarkibiy a’zosi ham bor edi.
Bu voqea futbol ixlosmandlari va butun O‘zbekiston sport jamoatchiligi uchun og‘ir yo‘qotish bo‘ldi. O‘sha mavsumda “Paxtakor” yuqori natijalar ko‘rsatib, Sovet chempionatida kuchli jamoalar qatoriga kirish imkoniga ega edi. Mutaxassislar esa yaqin yillarda klub Yevrokuboklarda ham o‘ynashi mumkinligini taxmin qilayotgandi.
Fojia to‘g‘risida birinchi xabar havoda bo‘lgan AN-2 samolyoti ekipaji tomonidan berilgan:
"Kurilovka hududida qulayotgan samolyot qismlari ko‘zga tashlanmoqda. Menimcha, bu TU-134 parchalari."
Ushbu yo‘qotish o‘sha mavsumda ishonchli o‘yin ko‘rsatib kelayotgan va kelajakda Yevrokuboklarda qatnashishi kutilgan jamoa uchun og‘ir zarba bo‘ldi.
Halok bo‘lgan "Paxtakor" a’zolari:
Idgay Tazetdinov — murabbiy
Vladimir Chumakov — shifokor
Mansur Tolibjonov — ma’mur
Mixail An — yarim himoyachi
Vladimir Fyodorov — hujumchi
Olim Ashirov — himoyachi
Ravil Agishev — himoyachi
Konstantin Bakanov — yarim himoyachi
Yuriy Zagumennix — himoyachi
Aleksandr Korchyonov — yarim himoyachi
Nikolay Kulikov — himoyachi
Vladimir Makarov — yarim himoyachi
Sergey Pokatilov — darvozabon
Viktor Churkin — hujumchi
Sirojiddin Bozorov — hujumchi
Shuhrat Eshbo‘tayev — hujumchi
Vladimir Sobirov — hujumchi
Ularning mardligi, fidoyiligi va sportga sadoqati hech qachon unutilmaydi.


