Gurlan tumanidagi “Soliq servis” davlat unitar korxonasi bosh mutaxassisi o‘z mansab vakolatidan foydalangan holda, soliq idoralaridagi tanishlari orqali ikki nafar fuqaroga soxta mehnat staji rasmiylashtirishni va’da qilgan. Unga ko‘ra, bu fuqarolar ilgari hech qayerda ishlamagan bo‘lsa-da, 2025-yil yanvar oyidan iyun oyigacha bo‘lgan davr uchun ularga ish haqi hisoblab berilishi hamda tegishli ma’lumotnoma tayyorlanishi rejalashtirilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Ijro hujjatlarini ta’minlash departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bosh mutaxassis ushbu xizmat evaziga 12 million 500 ming so‘m olayotganda jinoyat ustida qo‘lga olingan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda. Mazkur holat hujjatlarni qalbakilashtirish va poraxo‘rlikka qarshi kurashish borasida navbatdagi misol bo‘ldi.


