Urgut tuman madaniyat bo‘limi boshlig‘i Dilshod Atamurodovga tegishli deb iddao qilinayotgan audioyozuv ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng jamoatchilik e’tiborini tortdi. Audioyozuvda rahbarning hamkasb ayollar sha’niga nisbatan haqoratli va uyatli so‘zlar ishlatgani eshitiladi. Ma’lum bo‘lishicha, bu so‘zlar kichik yig‘ilish chog‘ida aytilgan va hatto “latifa” sifatida talqin qilingan.
Mutaxassislar bunday xatti-harakatlar nafaqat odob-axloqqa, balki mehnat kodeksiga va davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risidagi qonun talablariga ham zid ekanini ta’kidlamoqda. Qonunchilikka ko‘ra, davlat xizmatchisi professional, xolis va odobli bo‘lishi shart, ayollarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish esa kamsitish va haqorat sifatida javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Bu voqea fonida davlat idoralarida odob-axloq va etik me’yorlarga amal qilinishi masalasi yana kun tartibiga chiqdi. So‘nggi yillarda bir nechta davlat xizmatchilarining nomaqbul so‘z va xatti-harakatlari aks etgan video va audio yozuvlar tarqalgani, ammo ulardan ko‘piga yetarlicha choralar ko‘rilmagani tanqid qilinmoqda.
Vodeaga Madaniyat vazirligi rasmiy izoh berdi. Unga ko'ra, hozirda Madaniyat vazirligi ushbu holatni tegishli tartibda o'rganmoqda. Keyinroq holat yuzasidan batafsil ma'lumot beriladi.


