Saratov viloyati Prokudino qishlog‘ining mahalliy aholisi qor bilan qoplangan jardan yupun kiyimda hushsiz yotgan ikki bolani topib olib, tez yordam chaqirgan.
Viloyat Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, voqea joyiga yetib kelgan shifokorlar sakkiz yoshli bolaning sovuq qotishdan halok bo‘lgan jasadi va besh yoshli singlisini o‘ta og‘ir holatda jonlantirish bo‘limiga olib ketgan.
Voqea joyiga politsiya va tergov bo‘limi yetib kelgan. Bolalar yupun kiyimda qanday qilib ko‘chada qolgani o‘rganilgan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Voqeadan olti soat o‘tib, bolalarning onasi qo‘lga olingan. Ichki ishlar vazirligi viloyat bosh boshqarmasining aniqlik kiritishicha, ayol Engels shahrida bo‘lgan. Ayol politsiya xodimlariga bolalarni o‘zi ko‘chaga haydab chiqarganini tan olgan.
"Men o‘zim ularni uydan haydab chiqardim, chunki men ularning kelajagini ko‘rmadim", degan ayol tergov jarayonida. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bunday qarorga bir necha oydan beri eri bilan davom etayotgan ajrashish jarayonlari sabab bo‘lganini bildirgan. Eri bilan birgalikda ular bolalarning kim bilan qolishlari haqida kelisha olmagan.
Viloyat rahbari Valeriy Radayev aybdorlar munosib jazolanishini taʼkidlagan.
Munojat Valiyeva


