Atoqli davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Ismoil Hakimovich Jo‘rabekov 2025-yil 28-sentyabr kuni 94 yoshida vafot etdi.
Ismoil Jo‘rabekov 1931-yil 12-sentyabrda Samarqand shahrida tug‘ilgan. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida ta’lim olib, mehnat faoliyatini 1955-yilda Pastdarg‘om tumanida muhandis-gidrotekhnik sifatida boshlagan. Keyinchalik “Suvqurilish” tresti boshqaruvchisi, Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari, Meliоratsiya va suv xo‘jaligi vaziri, O‘zbekiston Vazirlar Kengashi Raisining birinchi o‘rinbosari, mustaqillikdan so‘ng esa Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari kabi mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritib, irrigatsiya va meliоratsiya sohalarini rivojlantirishga beqiyos hissa qo‘shdi.
U ijro hokimiyati institutlarini shakllantirish, qishloq xo‘jaligida islohotlarni amalga oshirish, fermerlik harakatini rivojlantirishda yuksak tashkilotchilik va tashabbuskorlik fazilatlarini namoyon etdi. Shuningdek, Davlat suv nazorati boshlig‘i hamda Prezidentning davlat maslahatchisi sifatida samarali faoliyat ko‘rsatdi.
So‘nggi yillarda, mо‘tabar yoshiga qaramasdan, Suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi sifatida o‘z bilim va tajribasi, qimmatli maslahatlari bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shib keldi, yosh kadrlarni tarbiyalashga katta e’tibor qaratdi.
Ismoil Jo‘rabekov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati”, “Do‘stlik”, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “El-yurt hurmati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.
Taniqli davlat va jamoat arbobi, fidoyi inson, mehribon ustoz Ismoil Jo‘rabekovning yorqin xotirasi xalqimiz qalbida doimo saqlanib qoladi.


