Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-oktabr kuni “Iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Mazkur hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-martdan boshlab O‘zbekistonda yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni sotish texnik jihatdan imkonsiz bo‘ladi. Raqamli yorliqqa ega bunday mahsulotlar uchun QR kodni skanerlash orqali to‘lov amalga oshirilmaydi — tizim kvitansiyani avtomatik ravishda bloklaydi.
Hozirda mamlakatda tamaki, alkogolli ichimliklar, pivo, maishiy texnika, dori vositalari, tibbiyot buyumlari hamda suv va alkogolsiz ichimliklar raqamli markalash tizimiga kiritilgan. Milliy katalogda hozirgacha 115 mingdan ortiq mahsulot ro‘yxatga olingan.
Qarorga ko‘ra, 2025-yil 15-oktabrdan 2027-yil 1-yanvargacha iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtirokini kengaytirish bo‘yicha tajriba loyihasi o‘tkaziladi. Bu doirada “sirli xaridorlar” orqali test xaridlari amalga oshiriladi.
Shuningdek, joriy yilning 1-dekabridan iste’molchilar murojaatlarini tezkor va shaffof tarzda ko‘rib chiqishni ta’minlaydigan yangi elektron tizim ishga tushiriladi. Ushbu tizim davlat idoralari, tadbirkorlar va jamoatchilik o‘rtasida hamkorlikni kuchaytiradi.


