O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhammedovning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan Turkmanistonga keldi.
Turkmanboshi shahri aeroportida davlatimiz rahbarini Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhammedov kutib oldi.
Tashrif doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhammedov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlari, jumladan, qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari Gurbanguli Berdimuhammedovni BMTning Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi yuksak saviyada tashkil etilgani bilan samimiy tabrikladi. Mazkur konferensiya kun tartibiga kiritilgan masalalar mintaqaning barqaror taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga egaligi alohida qayd etildi.
Joriy yilning aprel oyida Samarqandda o‘tgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlar ijrosi doirasida o‘zaro aloqalarni rivojlantirish, sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida kooperatsiyani chuqurlashtirish borasida fikr almashildi.
Yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 600 million AQSh dollariga yetgani, "Shovot–Toshovuz" chegaraoldi savdo zonasini tashkil etish, hududlararo hamkorlik va madaniy-gumanitar aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tashrif doirasida oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik sifatida hukumatlararo komissiyalar yig‘ilishlari, Ishbilarmonlar kengashi, Hududlar forumi hamda qator madaniy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, tomonlar BMT konferensiyasi kun tartibi hamda joriy yil kuzda Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi yuzasidan ham batafsil fikr almashdilar.


