So‘nggi kunlarda, xususan 29–30-yanvar kunlari mamlakat hududida kuzatilgan noqulay meteorologik sharoitlar fonida havo sifati yomonlashgani qayd etildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Mutaxassislar tahliliga ko‘ra, ushbu holatga asosan shamolning yo‘qligi (shtil), past shamol tezligi hamda harorat inversiyasi sabab bo‘lmoqda. Jumladan, tungi va ertalabki soatlarda harorat inversiyasi shakllanib, sovuq havo qatlamining yerga yaqin joylashishi, iliq havo qatlamining esa yuqorida saqlanib qolishi kuzatilgan.
Mazkur sharoitda atmosfera havosiga chiqarilgan mayda dispers zarrachalar quyi qatlamlarda “qamalib qolib”, shahar havosida maʼlum vaqt davomida saqlanib qolmoqda. Qo‘shimcha ravishda, tonggi soatlarda kuzatilgan tuman havodagi mayda aerozol zarrachalari konsentratsiyasining oshishiga olib kelgan. Atmosfera namligining yuqori bo‘lishi PM2.5 zarrachalarining havoda uzoqroq saqlanishiga sabab bo‘lib, ifloslanish darajasini yana-da kuchaytirgan.
Ayni vaqtda maxsus komissiya tomonidan ekologik reydlar va monitoring tadbirlari tunu kun olib borilmoqda. Vaziyatdagi o‘zgarishlar bo‘yicha Ekologiya milliy qo‘mitasi hamda uning huzuridagi O‘zgidromet agentligi rasmiy axborot manbalari orqali aholiga doimiy maʼlumot berib boriladi.


