Ichki ishlar organlari tomonidan O‘zbekistonda qalbaki haydovchilik guvohnomalarini tayyorlash va qonuniylashtirish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyati to‘xtatildi.
Tergov natijalariga ko‘ra, Termiz shahridagi Davlat xizmatlari markazi xodimi hamkorlari bilan birgalikda imtihondan o‘tolmagan yoki umuman haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan fuqarolarga noqonuniy yo‘l bilan hujjat berib kelgan. Ularga soxta ma’lumotlar YHXX elektron bazasiga kiritilib, guvohnomalar qonuniy hujjat sifatida rasmiylashtirilgan.
Natijada 18 nafar shaxs noqonuniy ravishda guvohnomaga ega bo‘lgan. Sud qaroriga ko‘ra, jinoiy sxema tashkilotchilaridan biri 4 yilga, ikkinchisi 3 yil 3 oyga ozodlikdan mahrum qilindi. Barcha noqonuniy guvohnomalar bekor qilinib, tegishli yozuvlar elektron bazadan olib tashlanadi.
IIV ma’lumotiga ko‘ra, boshqa hududlarda ham shunday qonunbuzarliklar bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.


