25-sentabr kuni ertalab Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Voqea “Toshshahartransxizmat” AJ ma’lumotlariga ko‘ra, ikkita yo‘lovchi avtobusi va “Onix” rusumli yengil avtomobil ishtirokida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 63-sonli yo‘nalishda harakatlanayotgan “King Long” avtobusining 60 yoshli haydovchisi xavfsiz masofani saqlamagan. Natijada u oldinda ketayotgan 151-sonli “Yutong” avtobusiga urilgan, so‘ng esa zarba oqibatida “Yutong” avtomobili ham “Onix” yengil mashinasiga borib to‘qnashgan.
Hodisa oqibatida 63-avtobus yo‘lovchilaridan biri — 46 yoshli fuqaro kuchli ruhiy qo‘rquvni boshdan kechirib, shifoxonaga yotqizildi. Avtobuslarga mexanik shikast yetgan.
Hozirda voqea bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.


