TikTok ijtimoiy tarmog‘i “Oila sozlamalari” bo‘limida yangi funksiyani ishga tushirdi. Endi ota-onalar o‘z farzandlari uchun ilovadan foydalanish vaqtini cheklash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ma'lum qilinishicha, TikTok ishlab chiquvchilari “Faol bo‘lmagan vaqt” deb nomlangan yangi sozlamani yaratdi. Ushbu funksiya orqali ota-onalar farzandlarining TikTok’dan foydalanish vaqtini boshqarishi, masalan, maktab darslari yoki tungi soatlarda ilovaga kirishni taqiqlashi mumkin. Shuningdek, ular takroriy jadval yaratib, raqamli detoks jarayonini avtomatlashtirishi mumkin.
Bundan tashqari, “Oila sozlamalari” funksiyasi ota-onalarga farzandlarining akkaunt faoliyatini batafsil kuzatish imkoniyatini ham taqdim etadi. Ular bolalarining kimni kuzatayotgani, kim ularning sahifasiga obuna bo‘lgani va kimni bloklaganini ko‘ra oladi.
Shuningdek, yaqin kelajakda TikTok ota-onalarga platformada xavfli yoki noto‘g‘ri kontent mavjudligi haqida ogohlantirish beruvchi yangi funksiyani ham ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu yangilik ota-ona nazorati yoqilmagan taqdirda ham, o‘smirlarning xavfsizligini ta’minlashga yordam beradi.


