“Toshkent-2” xalqaro terminali va ichki qatnovlar uchun mo‘ljallangan “Toshkent-3” terminalining avtoturargohlari, shuningdek, poytaxt aeroporti hududiga tutash joylardagi avtoturargohlar Uzbekistan Airports balansiga o‘tkaziladi.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning 30-maydagi qarori bilan amalga oshirilmoqda.
Mazkur hududlarni kompaniya ixtiyoriga o‘tkazish davlati rahbarining 2021-yil 30-apreldagi "Fuqarolik aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ko‘zda tutilgan edi.
Shahar hokimining qarori bu boradagi ilk qadam bo‘ldi. Keyinchalik, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan avtoturargohlarni baholash va aksiyadorlik jamiyatining davlat ulushini oshirish bo‘yicha tegishli buyruq qabul qilinadi. Shundan so‘ng tegishli tartibda yagona aksiyador — Moliya vazirligi tomonidan davlat kompaniyaning ulushini oshirish va avtoturargohlar qiymatini ustav kapitaliga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Barcha amalga oshirilgan ishlar yakuni bo‘yicha kadastr hujjatlarini Kadastr agentligi tomonidan "Munitsipal mulklarni boshqarish markazi" DUKdan Uzbekistan Airports AJ nomiga qayta rasmiylashtirish amalga oshiriladi.


