6-yanvar kuni Toshkent xalqaro aeroportida elektr taʼminotida qisqa muddatli uzilish kuzatildi. Uzbekistan Airports maʼlum qilishicha, Qo'yliq podstansiyasidagi kichik nosozlik tufayli mahalliy vaqt bilan soat 02:28 da aeroport hududida elektr taʼminoti qisman uzilgan.
Mazkur holat parvozlar jadvaliga taʼsir ko‘rsatmagan. Samolyotlarning uchishi va qo‘nishi belgilangan tartibda amalga oshirilgan. Jo‘nash va kelish zallari zaxira dizel generatorlari hamda UPS (uzluksiz quvvat manbalari) orqali elektr energiyasi bilan taʼminlangan.
Soat 02:49 ga kelib elektr taʼminoti to‘liq tiklangan. Aeroport maʼmuriyati yuzaga kelgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘radi.


