Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida fohishalikka jo‘natilayotgan ikki nafar qiz to‘xtatib qolindi. Bu haqida Samarqand viloyati IIB Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Oqdaryo tumanida yashovchi 41 hamda 31 yoshdagi ikki shaxs o‘zaro jinoiy guruh tuzib, moddiy jihatdan qiynalgan yosh qizlarni mo‘may daromad topishiga ishontirib, g‘arazli niyatlarda fohishalik qilishi uchun Hindiston davlatiga jo‘natayotganligi to‘g‘risida maʼlumot olingan.
Ular o‘sha davlatda bo‘lgan jinoiy sheriklari yordamida 23 hamda 25 yoshli qizlarni shahvoniy ekspluatatsiya qilishni maqsad qilib, kuzatayotgan vaqtida tezkor tadbir davomida qo‘lga olindi.
Holat yuzasidan Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi ikkinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


