Toshkent aeroportida samolyot farroshi yo‘lovchining sumkasidagi pullarni o‘zlashtirib oldi. Bu haqda Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti xabar berdi.
Holat 10 mart kuni soat 23:30da poytaxt aeroportida bo‘lib o‘tgan. Olma Ota–Toshkent aviareysi bilan kelgan O‘zbekiston fuqarosi havo kemasida sumkasini unutib qoldirganini va uning ichida 1 800 AQSH dollari, 300 ming so‘m, bank kartasi, quloqchinlar va telefon quvvatlagichi bor bo‘lganligini maʼlum qilgan.
Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv ishlari natijasida aniqlanishicha, samolyotlarni tozalash bilan shug‘ullanuvchi xususiy klining kompaniyasi xodimi (ayol kishi) mazkur sumkani topib olib, o‘zlashtirib olgan.
Undan yuqoridagi ko‘rsatib o‘tilgan pul va buyumlar ashyoviy dalil sifatida xolislar ishtirokida rasmiylashtirilib olingan. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.


