O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari xorijga ishga yuborishni va’da qilib, fuqarolardan katta miqdorda pul talab qilgan shaxslarni qo‘lga oldi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Toshkent shahri Chilonzor tumanida bir fuqaro uch nafar tanishiga Polshaga ish vizasi olishda yordam berishini bildirgan va buning evaziga 12 ming AQSh dollari talab qilgan. U mablag‘ni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Shu kabi holat Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida ham qayd etildi. Bu yerda ayblanuvchi ikki fuqaroni Kanadaga ishlashga yuborishni va’da qilib, 3 ming dollar so‘ragan. U ham pulni qabul qilish jarayonida ushlangan.
Har ikki voqea yuzasidan Jinoyat kodeksining 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyatga suiqasd) hamda 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha jinoyat ishi ochildi. Tergov ishlari davom etmoqda.


