Namangan viloyatida “Xalq banki” Mintaqaviy markazida yollanma xodim tomonidan yirik miqdorda mablag‘ni noqonuniy o‘zlashtirish holati fosh etildi.
Bank matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil aprel oyida mazkur shaxs bankning dasturiy ta’minotiga ruxsatsiz kirib, 9,5 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ni o‘zlashtirgan. Holat “Xalq banki”ning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi orqali aniqlangan va darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berilgan.
Mazkur voqea yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bank rahbariyati korrupsiyaviy holatlarning oldini olish hamda ularning oldini olishga qaratilgan amaliy choralar izchil davom ettirilayotganini ta’kidladi.
Avvalroq Qashqadaryoda “Xalq banki” filiali xodimi fuqarolarning omonat mablag‘larini rasmiy shartnoma tuzmasdan o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib, 2 million dollarga yaqin summani talon-taroj qilgani haqida xabar berilgan edi.


