Davlatimiz rahbarining 2025-yil 25-martdagi farmoniga muvofiq, 1-sentyabrdan “G‘ishtko‘prik”, “Zangiota” va “Dovut ota” chegara o‘tkazish punktlarida avtotransport vositalari uchun xavflarni boshqarish tamoyillariga asoslangan ikki yo‘lakli — “yashil” va “qizil” tizim ishga tushiriladi.
“Yashil” yo‘lakka tushgan, xavf darajasi past bo‘lgan transport va yuklar bojxona ko‘rigidan o‘tkazilmaydi, faqat hujjatlar tekshiriladi. Bunda transport vositalari avval inspeksion ko‘rik majmuasi orqali nazoratdan o‘tkazilishi lozim.
Hozirgacha bojxona postlari asosan yuk avtomobillari uchun mo‘ljallangan yirik skanerlar bilan jihozlangan bo‘lsa, endi ilk bor MDH mintaqasida yengil avtomobillarni skanerlashga mo‘ljallangan zamonaviy Z portal qurilmalari o‘rnatilmoqda.
“G‘ishtko‘prik” postida qurilma ishga tushirilgan, “Navoiy” postida esa o‘rnatish ishlari yakunlanmoqda. AQSHning “Rapiscan” kompaniyasi ishlab chiqargan bu skaner soatiga 220 tagacha avtomobilni tekshiradi. Haydovchi va yo‘lovchilarning avtomobildan tushishi talab etilmaydi, qurilma salomatlikka zarar yetkazmaydi.
Joriy yilda bunday majmualar “Sirdaryo” va “Dovut ota” postlariga ham o‘rnatiladi.


