Avvalroq Toshkent viloyatining bir nechta tumanidagi bog'chalarda bolalar ovqatdan zaharlangani haqida xabar bergan edik. Bolalar ombudsmani qo'shimcha ma'lumot berib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atilganini bildirdi.
Qayd etilishicha, dastlabki tibbiy ko‘riklar xulosasi asosida bemor bolalarga zaruriy muolajalar amalga oshirilgan hamda shu kunning o‘zida aksariyat bolalarning sog‘lig‘i yaxshilangani tufayli uylariga javob berilgan, og‘ir ahvoldagi bemorlar aniqlanmagan.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi viloyat boshqarmasi hamda Piskent, Bo‘ka va Oqqo‘rg‘on tuman bo‘limlari mutaxassislari tomonidan DMT muassasalarining oshxonalari ko‘zdan kechirilib, bolalar sutkalik iste’mol qilgan taomlardan olingan namunalar laboratoriyalarda tegishli tartibda tekshirilmoqda.
“Bolalarning ommaviy zaharlanishi bilan bog‘liq har qanday vaziyat mutasaddi idoralarning alohida nazoratida o‘rganiladi”, deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan JKning 257-1-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


