Yangiyo‘l shahrida hayvonga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lish holati aniqlandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoyozuvda “Matiz” rusumli avtomobil haydovchisi yo‘l chetida yotgan it ustidan avtomobil bilan o‘tib ketgani qayd etilgan. Videoda haydovchining to‘qnashuvni to‘xtatishga yoki yonidan chetlab o‘tishga urinish qilmaganini ko‘rish mumkin.
Mazkur holat huquq-tartibot organlari tomonidan o‘rganilib, haydovchi — 1970 yilda tug‘ilgan S.M. — O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasiga muvofiq javobgarlikka tortildi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 202(1)-moddasida hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish og‘irroq huquqbuzarlik hisoblanib, ma’muriy choradan keyin BHMning 50 barobarigacha jarima yoki olti oygacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.


