1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Yangi texnologiya yerlardan ikki tomonlama foydalanish imkonini beradi

Toshkent viloyatida quyosh panellari o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda.

Yangi texnologiya yerlardan ikki tomonlama foydalanish imkonini beradi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazi tashabbusi bilan Toshkent viloyati Toshkent tumanida “Agri-PV” agro-fotovoltayik loyihasiga oid jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi. Tadbir Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida bo‘lib o‘tib, unda mahalliy aholi, davlat idoralari mutasaddilari va ekologik ekspertlar ishtirok etdi.

 

Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-sentabrdagi 220-son Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-sentabrdagi 541-son qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. “Business Advanced Experts” MChJ hamda xalqaro hamkor — VOLTALIA kompaniyasi ishtirokida qurilishi rejalashtirilgan stansiya quvvati 507,78 kVt/s bo‘lib, 1,5 gektar maydonda barpo etiladi. Faqatgina 1 gektarlik hududda 819 ta quyosh paneli o‘rnatilishi nazarda tutilgan. Qurilish ishlari 2025-yil avgustida boshlanib, 2026-yil fevralida yakunlanishi kutilmoqda.

 

Agro-fotovoltayik texnologiyasi qishloq xo‘jaligi yerlaridan ikki tomonlama foydalanish imkonini beradi: ekin yetishtirish va elektr energiyasi ishlab chiqarish. Bu usul suv resurslarini tejash, hosildorlikni oshirish va fermer xo‘jaliklari uchun qo‘shimcha daromad manbai yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Qurilish davrida 25 nafar ishchi bandligi ta’minlanadi.

 

Eshituvda loyihaning ekologik va ijtimoiy ta’siri muhokama qilinib, qurilish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar (shovqin, chiqindi, havoning changlanishi va h.k.) bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi. Ularni kamaytirish maqsadida bir qator chora-tadbirlar — chiqindilarni alohida yig‘ish, maxsus poligonlarga chiqarish, qurilish maydoniga suv sepish, og‘ir texnikadan faqat kunduzgi vaqtlarda foydalanish kabi yechimlar taklif etildi.

 

Mutaxassislar loyihaning afzalliklarini ham alohida qayd etdi: quyosh energiyasidan foydalanish issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytiradi, suv sarfini tejalishini ta’minlaydi, panellar ostida hosil bo‘ladigan mikroiqlim esa tuproq unumdorligini saqlab qoladi.

 

Jamoatchilik eshituvining yakunida loyiha qonunchilik talablariga to‘liq muvofiq ekani bildirildi va jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика