G‘arbiy Sibir transport prokuraturasi maʼlum qilishicha, Toshkent–Vladivostok yo‘nalishi bo‘yicha parvozni amalga oshirayotgan “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasiga tegishli Boeing 767-300 havo kemasi texnik nosozlik sababli Krasnoyarsk shahridagi D.A. Xvorostovskiy nomidagi xalqaro aeroportga favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan.
Maʼlumotlarga ko‘ra, havo kemasining qo‘nishi belgilangan tartibda va xavfsizlik qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda amalga oshirilgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Samolyot texnik holatini aniqlash maqsadida vaqtincha parvozlardan chetlashtirilgan.
Shuningdek, Krasnoyarsk transport prokuraturasi parvoz kechiktirilishi munosabati bilan yo‘lovchilarning belgilangan xizmatlardan foydalanish huquqlari taʼminlanishini nazorat qilmoqda.
Aeroport matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, favqulodda qo‘nish chorshanba kuni amalga oshirilgan bo‘lib, vaziyat odatiy holatda yakunlangan.
Mazkur holat yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Sharqiy okrug bo‘yicha Krasnoyarsk transport tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 263-moddasi (havo transporti xavfsizligi qoidalarini buzish) alomatlari bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


