Davlatimiz rahbariga poytaxtimizda aholining ko‘payishi va bunyodkorlik ishlari hajmining oshishi sharoitida energetika tizimini barqarorlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelajak rejalar haqida batafsil axborot berildi.
So‘nggi yillarda Toshkent shahrida 12 mingdan ortiq yangi quvvat, savdo va servis majmualari ishga tushirildi. Shu bilan birga, odamlarning turmush tarzi yaxshilanib, maishiy texnikalardan foydalanish kengaymoqda, bu esa energiyaga talabni sezilarli darajada oshirmoqda.
Ushbu ehtiyojlarni qondirish maqsadida so‘nggi ikki yil ichida poytaxt elektr taʼminotini yaxshilashga jami 2 trillion 800 milliard so‘m yo‘naltirildi. 36 ta podstansiya, 665 ta transformator va 2 ming kilometrdan ortiq tarmoq yangilandi.
Biroq, hali qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p. Hozirda 46 ta podstansiya va 207 ta transformator ortiqcha yuklama ostida faoliyat yuritmoqda. Yil boshidan buyon poytaxtdagi elektr iste’molchilari soni yana 40 mingga oshdi, talab esa 6 foizga ko‘paydi.
Shuningdek, yoz faslidagi issiq kunlarning davomiyligi avvalgiga nisbatan sezilarli oshib, bu yil 20 kungacha cho‘zildi. Natijada, iyul oyida Toshkent shahrida elektr iste’moli hajmi 900 million kilovatt-soatdan oshdi.
Mazkur omillar zamonaviylashtirish jarayonlarini davom ettirishni taqozo etadi. Energetika vaziri taqdimotida har bir tuman va mahallalar kesimida amalga oshiriladigan rejalarga eʼtibor qaratildi.
Joriy yilning birinchi bosqichida 374 kilometr tarmoq, 11 ta podstansiya va 62 ta transformatorni yangilash ko‘zda tutilgan. Kelasi yilda esa yana 788 kilometr tarmoq, 35 ta podstansiya va 145 ta transformator modernizatsiya qilinadi. Xususan, mahallalarda transformator va tarmoqlar ta’mirlanib, yangilari o‘rnatiladi.
Davlatimiz rahbari kuz-qish mavsumiga oz vaqt qolganligini hisobga olib, yil oxirigacha rejalarni yakunlash zarurligini taʼkidladi.
So‘nggi yillarda barcha hududlarda energetika generatsiyasi oshirilmoqda. Shu bilan birga, sanoat korxonalarini muqobil energiya tizimlariga o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2027 yilga qadar yirik korxonalar va turizm maskanlarida 752 megavatt quvvatli quyosh stansiyalari hamda 812 megavattli saqlash quvvatlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, mutasaddilar tomonidan yurtimizda kichik quvvatli atom elektr stansiyasini qurish ishlari to‘g‘risida maʼlumot berildi. Loyihaning har bir bosqichi — loyihalashtirishdan tortib foydalanishga qadar — Xalqaro atom energiyasi agentligining qatʼiy nazorati ostida olib boriladi va eng ilg‘or xavfsizlik talablariga rioya qilinadi.
Prezidentimiz barcha inshootlar sifat va muddatga rioya qilgan holda ishga tushirilishini, barqaror energiya quvvatlarini yaratishni taʼminlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Vazirlar Mahkamasi energiya samaradorligini oshirish masalasini har hafta muhokama qilib borishi topshirildi.


