2025-yil 1-noyabrdan boshlab ishsizlik nafaqasi to‘lash tartibida yangi qoidalar joriy etiladi. Prezidentning “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, nafaqa endilikda faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan fuqarolarga beriladi.
Yangi tartibga ko‘ra:
Ariza beruvchi so‘nggi 5 yil ichida kamida 18 oy ishlagan bo‘lishi kerak;
Ishdan bo‘shaganidan keyin 6 oy ichida murojaat qilgan taqdirda nafaqa tayinlanadi;
Nafaqa muddati — 3 oy;
1-oyda — o‘rtacha ish haqining 75 foizi (lekin eng kam ish haqining 3 baravaridan oshmagan miqdorda);
2- va 3-oylarda — o‘rtacha ish haqining 50 foizi (lekin eng kam ish haqining 3 baravaridan oshmagan miqdorda).
Takroran nafaqa olish uchun oxirgi to‘lov muddati tugaganidan so‘ng qo‘shimcha kamida 12 oy ish staji talab etiladi.


