1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Toshkentda badminton bo‘yicha xalqaro hamkorlik kelishuvi imzolandi

Osiyo badminton federatsiyasi Prezidenti O‘zbekiston badminton infratuzilmasini yuqori baholadi.

Toshkentda badminton bo‘yicha xalqaro hamkorlik kelishuvi imzolandi

 

Bugun, 27-yanvar Osiyo badminton federatsiyasi Prezidenti Kim Jong Su O‘zbekiston badminton federatsiyasiga tashrif buyurdi. Yuqori martabali mehmonni O‘zbekiston badminton federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov kutib oldi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o'zgarishi milliy qo'mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Tashrif davomida Kim Jong Su badminton sport inshootini ko‘zdan kechirib, bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, u yosh badmintonchilar, O‘zbekiston badminton terma jamoasi aʼzolari hamda murabbiylar bilan uchrashib, ularning tayyorgarlik jarayonini kuzatdi. Uchrashuv doirasida iqtidorli yosh sportchilar va terma jamoa aʼzolari o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.

 

Osiyo badminton federatsiyasi Prezidenti 2025-yil sentabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan badminton bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionati yuqori saviyada tashkil etilganini alohida taʼkidladi.

 

Maʼlumot uchun, 15–23-sentabr kunlari bo‘lib o‘tgan mazkur chempionatda O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Eron va Mo‘g‘ulistondan sportchilar ishtirok etdi. Musobaqada O‘zbekiston badmintonchilari munosib natijalar qayd etib, mamlakatda ushbu sport turi izchil rivojlanayotganini tasdiqlashdi.

 

Tashrif doirasida O‘zbekiston badminton federatsiyasi raisi va Osiyo badminton federatsiyasi Prezidenti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi. Ushbu hujjat badminton sportini tizimli rivojlantirish, sport infratuzilmasini mustahkamlash, sportchilar va murabbiylar tayyorlash tizimini modernizatsiya qilish hamda milliy badminton tizimini xalqaro sport maydoniga integratsiya qilishga qaratilgan.

 

Kelishuv doirasida hududlarda ixtisoslashtirilgan sport maktablarini rivojlantirish, sportchilar tayyorlash dasturlarini yangilash, xorijiy mutaxassislarni jalb etish, xalqaro musobaqalar va yig‘inlarda ishtirokni kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston hududida xalqaro badminton turnirlarini tashkil etish belgilandi.

 

Tashrif yakunida federatsiya rahbarlari va sportchilar do‘stlik va hamkorlik ramzi sifatida o‘zaro bellashuvlarda ishtirok etishdi. Tomonlar kelgusida O‘zbekistonda badminton bo‘yicha xalqaro turnirlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика