Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida erkak kishining IIO xodimlariga qarshilik ko‘rsatayotganligini aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Poytaxt IIBB axborot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Kecha, 14 may kuni soat 18:00 larda shahar IIBB YHXB xodimlari 1986-yilda tug‘ilgan I.D. tomonidan hech qanday hujjatlarsiz boshqarib yurilgan TOYOTA rusumli transport vositasini ma'muriy bayonnoma asosida Shayxontohur tumanidagi jarima maydonchalaridan biriga olib kelishgan. Biroq hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonida I.D. jamoat tartibini buzib, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmay, ularga nisbatan qarshilik ko‘rsatgan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro I.D.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 183-moddasi (“Mayda bezorilik”), 194-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) va 195-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish”) bilan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan hamda jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi tomonidan unga nisbatan 10 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan.


