Toshkent shahrida Davlat bojxona qo‘mitasi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamkorligida qonunga xilof muomaladan olib qo‘yilgan pirotexnika vositalarini yo‘q qilish bo‘yicha keng ko‘lamli tadbir o‘tkazildi. Bu haqda zamon.uz muxbiri xabar bermoqda.
Tadbir poytaxtning Bektemir tumanida joylashgan Favqulodda vaziyatlar bo‘limining yong‘in-qutqaruv qismi hududida tashkil etildi. Unda Bojxona qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya vakillari, shuningdek ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbir davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aniqlangan qonunbuzarlik holatlari bo‘yicha musodara qilingan jami 945 ming dona pirotexnika vositalari maxsus tartibda yo‘q qilindi. Mazkur pirotexnika buyumlari dastlab suvda bo‘ktirilib, yaroqsiz holatga keltirilgan holda maxsus handakka ko‘mish yo‘li bilan bartaraf etildi.
Qonunbuzarliklarga qarshi qat’iy choralar
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 23-dekabr holatiga qadar bojxona organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar va bojxona nazorati jarayonida 136 ta holatda qiymati 2,3 mlrd so‘mlik 7 mln 350 ming donadan ortiq pirotexnika buyumlari ushlab qolingan.
Aniqlangan holatlar bo‘yicha:
• 12 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan,
• 89 ta holatda ma’muriy ishlar yuritilgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ayniqsa Yangi yil bayrami arafasida pirotexnika buyumlarining noqonuniy aylanmasi keskin oshib, inson hayoti va salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi.
Yo‘q qilingan pirotexnika buyumlari haqida
Tadbirda yo‘q qilingan pirotexnika vositalarining asosiy qismini “Новый век”, “Зимний лес”, “Снежики”, “С новым годом”, “Британик”, “Мики Маус”, “Happy Boom”, “Seven Shots”, “Королевский салют” kabi salyut va petardalar tashkil qildi. Ularning umumiy qiymati 500 mln so‘mga yaqin.
Shuningdek, Toshkent shahar bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan aniqlangan huquqbuzarlik ashyosi sifatida olib qo‘yilgan qariyb 120 mln so‘mlik 562 ming donadan ortiq pirotexnika vositalari sud qarorlariga muvofiq yo‘q qilindi.
Qonunchilikda belgilangan taqiqlar
Eslatib o‘tish joizki, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 1-dekabrdagi 724-son qaroriga muvofiq xavflilikning II klassiga mansub maishiy pirotexnika buyumlarini ishlab chiqarish, olib kirish, saqlash, tashish, sotish va ulardan foydalanish qat’iyan taqiqlangan.
Mazkur tadbir orqali jamoatchilikka qonunga xilof muomaladan olib qo‘yilgan pirotexnika buyumlari belgilangan tartibda saqlanishi va yo‘q qilinishi ochiq hamda shaffof tarzda namoyish etildi.


