Toshkentning Shayxontohur tumanida uyni ijaraga beruvchi erkak begona ayolga nisbatan tegajog‘lik qilgani uchun maʼmuriy jazoga tortildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, erkak hisoblagichni tekshirish bahonasida yosh oilaga ijaraga bergan uyga kelgan. U yerda 22 yoshli K.Z. yolg‘iz ekanini va uning turmush o‘rtog‘i ishda ekanini bilgan holda, unga nomaqbul takliflar qilgan.
Ayol baqirgan va o‘zini himoya qilish uchun pichoq olgan, shundan keyin qo‘shnilar uning baqirganini eshitib, mazkur uyga kirishgan.
Sud majlisida uy egasi hisoblagich ko‘rsatkichlarini tekshirish uchun kelganini tan olgan, lekin tegajog‘likni inkor etgan va suddan yengillik so‘ragan.
Sud uni MJtKning 41-1-moddasi 1-qismi bo‘yicha aybdor deb topdi va 5 sutka maʼmuriy qamoq jazosini tayinladi.


