AQSH prezidenti Donald Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida Meksika hududida faoliyat yuritayotgan giyohvand moddalar kartellariga qarshi quruqlikdagi operatsiyalar va aniq zarbalar amalga oshirilishini eʼlon qildi.
Davlat rahbarining taʼkidlashicha, AQSH tomonidan dengiz yo‘llari orqali amalga oshirilayotgan giyohvand moddalar kontrabandasining 97 foizi to‘xtatilgan. Endilikda asosiy eʼtibor quruqlikdagi kartellar faoliyatiga qaratiladi.
“Biz dengiz orqali olib kirilayotgan giyohvand moddalar savdosining 97 foizini to‘xtatdik. Endi quruqlikdagi kartellarga zarba berishni boshlaymiz. Meksikani giyohvand moddalar kartellari boshqarayapti”, — dedi Donald Tramp.
Shu bilan birga, AQSH prezidenti mazkur operatsiyalarni qachon boshlash masalasida aniq muddatlarni ochiqlamadi.
Eslatib o‘tilishicha, 5 yanvar kuni Donald Tramp harbiy harakatlar Kolumbiya hududiga ham yoyilishi mumkinligini istisno etmagan edi. U mamlakatni “juda kasal” deya baholab, u yerda kokain ishlab chiqarish va uni Qo‘shma Shtatlarga yetkazib berish bilan shug‘ullanayotgan kuchlar faoliyatini tanqid qilgan.


