2021-yil 25-noyabr kuni Turin politexnika universiteti darvozasi yonida 18 yoshli ikki yigit o’rtasidagi janjal oqibatida bir talaba yigit halok bo’lgani xabar qilingandi.
Sud-tibbiy ekspertizasi ma’lumotiga asosan, talabaning o‘limiga bosh miya yopiq jarohati, miya osti pardalari va miya to‘qimalariga qon quyilishi jarohati sabab bo‘lgan.
Gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (odam o‘limiga sabab bo‘luvchi qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Ushbu ish Jinoyat ishlari bo’yicha Olmazor tuman sudida ko‘rib chiqildi.
Aniqlanishicha, sud majlisida sudlanuvchi avval Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoiy javobgarlikka tortilgani ma’lum qilindi.
Ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 104-moddasi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.


