Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning rafiqasi, birinchi xonim Emine Erdo‘g‘on AQSH Prezidenti Donald Trampning turmush o‘rtog‘i Melaniya Tramp nomiga maktub yo‘lladi. Unda u G‘azoda yuz berayotgan og‘ir gumanitar vaziyat, ayniqsa, bolalarning ahvoli yuzasidan tashvishlarini bildirib, xalqaro hamjamiyatni faolroq choralar ko‘rishga undadi.
Emine Erdo‘g‘on o‘z murojaatida bundan olti yil avval Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvni eslab o‘tdi va Melaniya Trampning Ukraina urushi paytida halok bo‘lgan bolalarga ko‘rsatgan e’tiborini ijobiy baholadi. Shu bilan birga, u o‘sha e’tibor G‘azodagi fojeali vaziyatga ham qaratilishi lozimligini ta’kidladi.
“Bolalarning xavfsiz va mehribon muhitda yashashi — irq, din yoki mafkuralardan qat’i nazar, barcha insoniyat uchun umumiy huquqdir. Bu burchni bajarish har kimning vazifasidir”, — deyiladi maktubda.
Turkiya birinchi xonimi statistik ma’lumotlarni keltirib, ikki yil ichida G‘azoda 62 mingdan ortiq tinch aholi, jumladan 18 mingdan ortiq bola hayotdan ko‘z yumganini qayd etdi. “Har 45 daqiqada bir bola halok bo‘lmoqda. BMT bu hududni ‘bolalar qabristoni’ deb atamoqda”, — dedi u.
Emine Erdo‘g‘on, shuningdek, Falastin bolalari chuqur ruhiy jarohatlar ichida o‘sayotganini aytib, Melaniya Trampni Isroil rahbariyatiga murojaat qilish va gumanitar inqirozni to‘xtatishga da’vat etuvchi ochiq xat yo‘llashga chaqirdi.
“Dunyo Falastin masalasi bo‘yicha jiddiy tashvishda. Sizning onalik va insoniylik hissiyotlaringiz bilan bildirilgan murojaatingiz bu bolalarga umid bag‘ishlaydi”, — deya xatini yakunladi Turkiya birinchi xonimi.


