Turkiyaning Anqara va Istanbul shaharlarida minglab ayollar o‘zbekistonlik muhojir ayolning vahshiylarcha o‘ldirilishiga qarshi norozilik bildirib, ko‘chalarga chiqdi. Jinoyat jamoatchilik orasida katta rezonans uyg‘otib, ayollar huquqlari va muhojirlar xavfsizligi masalasini yana kun tartibiga olib chiqdi. Bu haqda Turkish minute nashri xabar bermoqda.
Istanbulda ayolning parchalangan jasadi chiqindi qutisidan topilgach, huquq himoyachilari va jamoat tashkilotlari ommaviy yurishlar uyushtirdi. Shishli tumanidagi “Osmanbey” metro bekati yaqinida mingdan ortiq kishi to‘planib, jinoyat sodir bo‘lgan hudud tomon yurdi. Namoyishchilar “Erkaklar zo‘ravonligini to‘xtating”, “O‘ldirilgan ayollar uchun adolat” va “Muhojir ayollar yolg‘iz emas” degan shiorlarni ko‘tardi.
Anqarada ham yuzlab odamlar “Ayollar qotilligini to‘xtatamiz” platformasi chaqirig‘i bilan yig‘ilib, aybdorlar qat’iy jazolanishini talab qildi. Platforma vakillariga ko‘ra, bunday jinoyatlar jazo muqarrarligiga ishonch yo‘qligi sabab yanada shafqatsiz tus olmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 24-yanvar kuni 37 yoshli o‘zbekistonlik ayolning choyshabga o‘ralgan, tanasi bo‘laklarga ajratilgan jasadi Istanbulning Shishli tumanida topilgan edi. Tezkor tergov natijasida jinoyatda gumonlangan uch kishi, jumladan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi aeroportda mamlakatdan chiqib ketmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingan. Faollarning ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda Turkiyada kamida 294 ayol erkaklar tomonidan o‘ldirilgan, yana yuzlab holatlar shubhali o‘lim sifatida qayd etilgan.


