Dalaman nisbatan yosh kurort bo'lib, har yili o'zining maftunkor tabiati bilan ko'proq sayyohlarni jalb etib kelmoqda. Bu hudud apelsin bog'lari bo'lgan yashil tepaliklar va O'rta Yer dengizi hamda Egey dengizlari bilan o'ralgan. Go'zal manzaralar bilan birgalikda kurort o'z hududidagi qadimiy aholi punktlari xarobalari, shuningdek, hech qachon poezdlar qatnamaydigan temir yo'l vokzali bilan qiziqish uyg'otadi. Quyida Dalaman haqidagi bir qator qiziqarli ma’lumotlar keltirib o`tilgan.
Dalaman Turkiyaning janubi-g'arbiy sohilida ikki dengiz chegarasida joylashgan. U mashhur Marmaris va Fethiye kurortlari orasidan o'rin olgan. Hudud yam-yashil tepaliklar va mahalliy plyajlarning feruza suvlari va juda go'zal tabiat bilan o'ralgan. Shahar kichik, unda o'ttiz mingdan ortiq aholi istiqomat qilsa-da, bu har yili millionlab sayyohlarni qabul qiladigan Turkiya qirg'og'idagi eng mashhur kurortlardan biri bo'lishiga to'sqinlik qilmaydi.
Mintaqaning tarixi
Olimlarning fikriga ko'ra, zamonaviy Dalaman hududidagi aholi punktlari taxminan 3 ming yil oldingi tosh asriga borib taqaladi. Miloddan avvalgi XIII asrda bu yerda allaqachon yunon mustamlakasi shakllangan. Keyinchalik bu hududda forslar hukmronlik qilishgan va Aleksandr Makedonskiy vafotidan keyin Dalaman Likiya tarkibiga kirgan.
Qadimiy Kaunos shahri
XI asrda hududni egallab olgan saljuqiylar shahar madaniyati, anʼanalari va diniga katta taʼsir koʻrsatgan. XIII asrdan XX asrgacha mintaqaga egalik qilishda Usmonli turklari hukmronlik qilgan, chunki u Usmonli imperiyasining bir qismi edi. 1987 yilda Dalaman shahrida xalqaro aeroport ochilgandan soʻng shaharning kurort sifatida rivojlanishi boshlandi. Bugungi kunda u yirik transport markazi va mashhur kurort hududidir.
Dam olish maskanlari
Dalaman sohili, aniqrog'i uning yaqinidagi Sarigerme qishlog'i bu yerdagi eng yaxshi sohillardan biri hisoblanadi. U har yili “moviy bayroq” bilan taqdirlanadi, chunki u ekologik jihatdan qulay va suzish uchun xavfsizdir. Uzunligi 7 kilometr bo'lgan ushbu katta tabiiy sohilning qumi mayin va yoqimlidir.
Sarigerme plyaji
Dalaman yaqinidagi Dalyan kurortida ajoyib Iztuzu sohili joylashgan. Sohil qo'riqxonaning bir qismida joylashgan va dengiz toshbaqalari har yili tuxum qo'yish uchun bu yerga kelishadi. Sohil maydonining uzunligi 5 kilometr boʻlib, yumshoq qum bilan qoplangan. Bu sohil suzish uchun qulay va bu yerda katta toshbaqalarni uchratish yoki qum bo'ylab dengizga intilayotgan kichik toshbaqalarni tomosha qilish mumkin. Shuningdek, sohilga shaharlar markazidan harakatlanadigan mahalliy avtobuslar yoki taksida ham borish mumkin.
Diqqatga sazovor joylar
Dalamanning asosiy diqqatga sazovor joyi - archa, zaytun va sitrus daraxtlari bilan qoplangan goʻzal manzarali tepaliklari hamda eng toza dengizi va ajoyib tabiati hisoblanadi. Shuningdek, kurort hududida asrlik palma daraxtlari bilan o'ralgan bogʻ va uning yonida Misr hukmdori Abbos Poshsho masjidi joylashgan.
Dalyan
XIX asrda ovchilikning ashaddiy ishqibozi boʻlgan Misr podshosi tirik mavjudotlar koʻp boʻlgan joyda ov uyi qurishga qaror qiladi. Dalaman shu maqsadda tanlangan. Qirol bu vazifani fransuz arxitektorlariga ishonib topshirgan va ular bir vaqtning o'zida Iskandariya uchun temir yo'l vokzalini qurayotgan edilar. Ammo tasodifan ov uyining loyihasi Misrga yuborildi va temir yo'l vokzali Dalamanda qurildi. Xato aniqlanganda, hamma narsani avvalgidek qoldirishdan boshqa yoʻl qolmadi. Bu mintaqada hech qachon temir yo'llari bo'lmagan, shuning uchun vokzal ishga tushirilmagan.
Iskandariya temir yo'l vokzali
Qoʻshni kurort shaharcha boʻlgan Dalyanda 3000 yillik bo'lgan bir qancha qadimiy xarobalar mavjud. Ushbu kurortga tashrif buyurib, siz Likiya qabrlarini ko'rishingiz mumkin. Shuningdek, qadimgi Likiya shohlari ham u yerda dafn etilgan. Qabrlar qoyalarga o‘yilgani uchun hayratlanarli ko‘rinishga ega.
Likiya qabrlari
Qabrlardan uncha uzoq boʻlmagan joyda shifobaxsh suvlari bilan mashhur Koʻyjegiz koʻli bor. U turli minerallarga boy boʻlib, ayniqsa, u yerda revmatizm yoki turli dermatologik kasalliklarga chalingan odamlar uchun cho'milish foydalidir. Shuningdek, uning pastki qismida shifobaxsh loy mavjud. Ko'l haqidagi afsonalarda Afroditaning o'zi ham unda cho'milgani haqida aytiladi.
O'yin-kulgi
Dalaman yaqinida juda ko'p go'zal koʻrfazlar bor. Shuning uchun, bu yerda muntazam ravishda yaxtalar yoki qayiqlarda sayohatlar o'tkaziladi. O'zingiz ijaraga olgan qayiqda yoki ko'plab sayyohlar bilan bir yaxtada hudud boʻylab sayohat qilishingiz mumkin. Shuningdek, Sarigerme sohilida bolalar va kattalar uchun qiziqarli bo'lgan ko'plab suv attraksionlari mavjud. Ekstremal dam olishni xush ko'radiganlar uchun mashhur Dalaman daryosi bo'ylab rafting sayohatlari mos keladi. Raftingda tajribalilar bilan bir qatorda havaskor yangi boshlovchilar ham ishtirok etishlari mumkin. Rafting professionallar ko'rsatmasi va hamrohligida amalga oshiriladi.


