Turkiya Harbiy havo kuchlariga tegishli C130 harbiy yuk samolyotining Gruziya chegarasi yaqinida halokatga uchrashi oqibatida 20 nafar turk askari halok bo‘ldi. Fojia sabablari yuzasidan tekshiruvlar davom etar ekan, CNN Turk telekanalining meteorologiya bo‘yicha maslahatchisi professor Orhan Shen halokatga ob-havo sharoitlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlarga izoh berdi.
Professor Shenning so‘zlariga ko‘ra, “avariya meteorologik omillar tufayli yuz bergan bo‘lishi ehtimoldan yiroq”. U shunday dedi: “Noqulay ob-havo sharoiti asosan uchish yoki qo‘nish jarayonida ta’sir ko‘rsatadi. 7 kilometrdan yuqori balandlikda esa bunday sharoitlar samolyotning qulashi uchun sabab bo‘la olmaydi.”
Mutaxassis radar kuzatuvlari asosida halokat sodir bo‘lgan hududda bulut izi, reaktiv oqim yoki turbulentlik belgisi aniqlanmaganini, mintaqada shamol tezligi ham xavfli darajada bo‘lmaganini ma’lum qildi.
“Hech qanday meteorologik hodisa qayd etilmadi. Toza havodagi turbulentlik hatto sodir bo‘lganda ham, C130 kabi og‘ir harbiy samolyotlar uchun xavf tug‘dirmaydi. Tarixda bunday holat kuzatilmagan”, — deya qo‘shimcha qildi Shen.
C130 samolyoti dunyoning ko‘plab mamlakatlarida qo‘llaniladigan, og‘ir yuk tashish va harbiy operatsiyalar uchun mo‘ljallangan eng ishonchli transport samolyotlaridan biri hisoblanadi. Mutaxassislarning fikricha, halokat sabablari texnik nosozlik yoki boshqa omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.


