Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar va prokuratura organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida bir nechta korrupsion holatlar fosh etildi.
Buxoro viloyati IIB xodimi mansabdor tanishlari orqali Buxoro shahar IIO faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limida gumonlanuvchiga oid jinoyat ishini tugatishga yordam berish evaziga 13 ming AQSh dollari talab qilgan. U belgilangan pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Toshkent viloyati IIBB Qorovullash boshqarmasi Angren shahar bo‘limi safdor xodimi bo‘linma komandiri o‘rinbosari bilan til biriktirib, mansabdor tanishlari orqali Oqqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaroni ishga joylashtirish evaziga 1 500 AQSh dollari so‘ragan. U oldindan 1 000 AQSh dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shuningdek, “Toshkent” xalqaro aeroporti pasport-viza bo‘limi katta inspektori voyaga yetmagan shaxsning biometrik pasportiga hamrohlik qiluvchi shtampni tezlashtirilgan tartibda rasmiylashtirish evaziga 400 AQSh dollari pora olgan paytda ushlandi. Tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, u 2025-yil boshidan buyon 42 nafar xorijiy fuqarodan 300–700 dollar, 8 nafar O‘zbekiston fuqarosidan esa 200–400 dollar miqdorida pora olib, vizalar va shtamplarni belgilangan tartibdan tashqari rasmiylashtirib bergan.
Hozirda mazkur shaxslar ustidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.


