1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Ukrainada harbiy holat va safarbarlik yana 90 kunga uzaytirildi

Bu Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqini boshlanganidan buyon harbiy holatning 18-marta uzaytirilishi hisoblanadi.

Ukrainada harbiy holat va safarbarlik yana 90 kunga uzaytirildi

 

Ukraina Oliy Radasi harbiy holat va umumiy safarbarlik muddatini yana 90 kunga uzaytirdi. Qabul qilingan qarorga muvofiq, mazkur huquqiy rejim kamida 2026-yil 3-mayga qadar amal qiladi.

 

RBC-Ukraina Oliy Rada yig‘ilishi translyatsiyasiga tayanib xabar berishicha, parlament harbiy holatni uzaytirish to‘g‘risidagi 14366-sonli hamda umumiy safarbarlik muddatini uzaytirish bo‘yicha 14367-sonli qonun loyihalarini ma’qulladi. Ushbu hujjatlar bir kun avval Prezident Vladimir Zelenskiy tomonidan parlamentga taqdim etilgan.

 

Ovoz berish jarayonida harbiy holatni uzaytirish uchun 333 nafar, umumiy safarbarlikni davom ettirish uchun esa 312 nafar deputat ovoz bergan. Bu Rossiyaning 2022-yil fevral oyida Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon harbiy holatning 18-marta uzaytirilishi hisoblanadi.

 

Amaldagi harbiy holat doirasida mamlakatda jamoat tartibini ta’minlash choralari kuchaytiriladi, fuqarolarning ayrim huquq va erkinliklari cheklanadi, safarbarlik va mehnat majburiyatlari joriy etiladi, shuningdek, axborot maydoni ustidan nazorat kuchaytiriladi. Komendantlik soati Karpatiya mintaqasidan tashqari deyarli butun hududda amal qilmoqda.

 

Umumiy safarbarlik sharoitida 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan harbiy xizmatga majbur erkaklar harbiy ro‘yxatdan o‘tishi, ma’lumotlarini yangilab borishi, harbiy hujjatlarni doimo o‘zi bilan olib yurishi va chaqiruv bo‘yicha belgilangan vaqtda tegishli idoralarga yetib borishi shart.

 

25 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan, harbiy xizmatga yaroqli va kechiktirish huquqiga ega bo‘lmagan erkaklar majburiy safarbarlikka tortiladi. 18–25 yoshdagi shaxslar esa ayrim hollarda yoki ixtiyoriy shartnoma asosida harbiy xizmatga jalb etilishi mumkin. Harbiy ro‘yxatda turgan ayollar faqat o‘z roziligi bilan harbiy xizmatga chaqiriladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика