2025-yil 7–14-dekabr kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan V Para Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi yuksak natija qayd etib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Nufuzli musobaqada Osiyoning 35 ta davlatidan 1500 nafarga yaqin sportchi 11 ta sport turi bo‘yicha g‘oliblik uchun bahs olib bordi. O‘zbekiston para sportchilari para yengil atletika, para taekvondo, bochcha, para suzish, para armrestling hamda para pauerlifting yo‘nalishlarida ishtirok etdi.
Musobaqalar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi jami 197 ta medal — 99 ta oltin, 57 ta kumush va 41 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumiy hisobda musobaqa yetakchisiga aylandi.
Maʼlumot uchun, 2021-yilda Bahraynda o‘tkazilgan IV Para Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi 16 ta medal bilan umumjamoa hisobida 6-o‘rinni egallagan edi.
V Para Osiyo o‘yinlarida tarixiy natija qayd etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi Vatanga qaytgach, Toshkent shahridagi “Humo” xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi. Kutib olish marosimida rasmiylar, sport jamoatchiligi vakillari, sport faxriylari, ommaviy axborot vositalari hamda muxlislar ishtirok etdi.
Taʼkidlanishicha, mazkur yutuq mamlakatda para sportni rivojlantirishga qaratilayotgan tizimli islohotlar, sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar hamda murabbiylar mehnatining amaliy samarasidir.


