Venesuela hukumati AQSH tomonidan amalga oshirilayotgan harakatlar munosabati bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig‘ilishini chaqirishni talab qildi. Bu haqda The Nev York Times nashri xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 17 dekabr kuni Venesuela tashqi ishlar vaziri tomonidan BMT Xavfsizlik Kengashiga yo‘llangan rasmiy maktubda AQSH prezidenti tomonidan Venesuelaning milliy suvereniteti ochiqdan-ochiq buzilayotgani qayd etilgan. Maktubda mamlakatning hududiy yaxlitligi va siyosiy mustaqilligiga tahdid mavjudligi taʼkidlangan.
Karakas AQSHni xalqaro huquq normalari va BMT Nizomini buzishda ayblab, Vashingtonning mazkur harakatlari xalqaro munosabatlarda beqarorlik va vayronkorlikni kuchaytirishini bildirgan. Shuningdek, Venesuela Xavfsizlik Kengashidan AQSHning Venesuela kemalari va savdosiga qarshi choralarini rasman qoralashni so‘ragan.
Nashr maʼlumotlariga ko‘ra, yuzaga kelgan vaziyat fonida Venesuela hukumati neft mahsulotlarini tashiyotgan tankerlarni harbiy dengiz floti kuzatuvida olib borish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Xabardor manbalarga ko‘ra, 16 dekabr kechasi va 17 dekabr tongida bir nechta kemalar harbiy eskort ostida yo‘lga chiqqan.
Taʼkidlanishicha, mazkur choralar AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan bildirilgan tahdidlarga javoban joriy etilgan. Amerikalik rasmiylar Karakasning harbiy eskort haqidagi qaroridan xabardor ekanini va vaziyat bo‘yicha turli variantlar ko‘rib chiqilayotganini maʼlum qilgan.
Eslatib o‘tilishicha, avvalroq Donald Tramp Venesuelaga borayotgan va u yerdan chiqayotgan sanksiyalangan neft tankerlarini to‘liq blokirovka qilish bo‘yicha ko‘rsatma berishini bildirgan hamda Venesuela amaldagi hukumatini xorijiy terroristik tashkilot sifatida eʼlon qilgan edi.


