Xitoylik jarrohlar tibbiyot tarixida ilk bor noyob operatsiyani amalga oshirdi — uzilib ketgan quloq vaqtincha bemorning oyog‘iga ko‘chirilib, bir necha oy o‘tgach yana bosh qismiga qayta o‘rnatildi. Bu haqda South China Morning Post nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bemor ayol aprel oyida og‘ir texnika bilan ishlayotgan paytda baxtsiz hodisaga uchrab, qulog‘idan ayrilgan. Hodisa oqibatida uning bosh terisi, bo‘yni va yuz qismi jiddiy shikastlangan. Shifoxonaga hayot uchun xavfli holatda yetkazilgan bemorda quloqni an’anaviy usulda tiklash imkonsiz bo‘lgan.
Shu sababli jarrohlar noodatiy yechimni tanlab, quloqni vaqtincha oyoqning yuqori qismiga transplantatsiya qilgan. Bunga oyoqdagi arteriya va venalarning diametri quloq tomirlari bilan mos kelishi asos bo‘lgan. Dastlabki operatsiya taxminan 10 soat davom etgan bo‘lib, uning murakkabligi quloqdagi qon tomirlarining nihoyatda kichik — atigi 0,2–0,3 millimetr bo‘lishi bilan bog‘liq.
Shuningdek, bemorning bosh terisini tiklash uchun qorin sohasidan teri ko‘chirib o‘tkazilgan. Besh oy o‘tgach, jarohatlar bitgach, oktyabr oyida quloqni asl joyiga qaytarish bo‘yicha 6 soatlik yakuniy operatsiya amalga oshirilgan. Ushbu amaliyot tibbiyotda yangi va noyob jahon tajribasi sifatida e’tirof etildi.


