1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Yangi Toshkentga o‘ndan ortiq vazirlik va idoralar ko‘chib o‘tdi

Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi qurilish ishlari taqdimoti bilan tanishdi.

Yangi Toshkentga o‘ndan ortiq vazirlik va idoralar ko‘chib o‘tdi

Yangi Toshkent hududida o‘ndan ortiq vazirlik va idoralar vaqtincha qurilgan binolarda faoliyat boshladi. Bu haqda 20-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdimot chog‘ida ma’lum qilindi. Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, yangi shahar hududida 60 dan ortiq davlat idoralari uchun zamonaviy ma’muriy binolar barpo etiladi.

 

Yangi Toshkent loyihasiga 2023-yilda start berilgan. Qurilish ishlari uchun Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19 ming 700 gektar yer ajratilgan. Shahar konsepsiyasi Buyuk Britaniyaning “Cross-works” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, dastlabki bosqichda 6 ming gektar maydonda inshootlar qad rostlaydi va 600 ming aholiga zamonaviy sharoit yaratiladi. Loyiha yakuniga yetgach, yangi shaharda 2 million kishi istiqomat qiladi.

 

Hozirda shaharning asosiy infratuzilma ishlari olib borilmoqda. Yer osti muhandislik tarmoqlari yotqizilmoqda, kollektorlar orqali issiqlik, suv, elektr va telekommunikatsiya quvurlari o‘tkazilmoqda. Transport tizimini rivojlantirish uchun esa tunnellar, yerosti avtoturargohlari, ekologik toza transport yo‘laklari, metro va elektrobus harakati yo‘lga qo‘yilmoqda.

 

Investitsiya jalb qilish ishlari ham jadallashgan. Hozirgacha auksion orqali sotilgan 13 ta tijoriy lot bo‘yicha 554 million dollarlik investitsiya shartnomalari imzolangan. Qurilish ishlari davomida 160 ming nafar odam vaqtincha ish bilan ta’minlanadi, kelajakda esa yuz minglab doimiy yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.

 

Prezident taqdimot davomida loyihalarga qo‘shimcha investitsiyalar jalb etish, dam olish maskanlari va xizmat ko‘rsatish tizimini rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Yaqin kunlarda Transport, Qurilish va Ekologiya vazirliklari ham to‘liq ko‘chib o‘tishi rejalashtirilgan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика