Yaponiya Rossiya Tinch okean flotining Yapon dengizi va Oxot dengizida o‘tkazayotgan yirik mashqlaridan xavotir bildirdi. Bu haqda mudofaa vaziri Nobuo Kishi maʼlum qildi, deya xabar berdi “TASS”.
“Biz buni jiddiy tashvish bilan kuzatmoqdamiz. Biz buni Ukraina bilan bog‘liq murakkab vaziyat fonida Rossiya harbiy-dengiz kuchlari imkoniyatlarining namoyishi sifatida baholaymiz”, dedi u Tokiodagi matbuot anjumanida.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Yaponiya harbiy-dengiz kuchlari 1-fevraldan boshlab Yapon va Oxot dengizida Rossiya Tinch okean flotining 24 ta kemasi harakatlarini qayd etgan. Rossiya Federatsiyasining Tinch okean flotining kemalari va yordamchi kemalari bu ikki dengizidagi mashg‘ulotlar davomida havo mudofaasi, dengiz nishonlari va nishon raketalariga birgalikda manevr qilish va o‘q otishni mashq qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH prezidenti Jo Bayden bir qancha Yevropa Ittifoqi va NATO davlatlari rahbarlari bilan muzokaralar chog‘ida ularga Rossiyaning Ukrainaga hujumi 16-fevraldan boshlanishi mumkinligini aytgandi.
Nasiba To‘xtayeva


