RIA Novosti xabariga ko‘ra, Yevropa sog‘liqni saqlash tashkilotlarining ochiq ma’lumotlari tahliliga asosan, A(H3N2) grippi, shuningdek Gonkong grippi sifatida tanilgan virusning eng faol tarqalishi 5 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida kuzatilmoqda.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, gripp viruslari Yevropa Ittifoqi bo‘ylab faol aylanishda davom etmoqda. Hamma mamlakatlarda dominant turi A grippi bo‘lib, ayniqsa A(H3N2) shtammi kasallanish holatlarining ko‘payishiga asosiy sabab bo‘lmoqda.
Yevropa Kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazi (ECDC) A(H3N2) grippi tarqalishining ayni paytda maktab yoshidagi bolalar orasida eng yuqori ekanligini tasdiqladi.
Shuningdek, ECDC hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu shtamm bilan aniqlangan infektsiya holatlarining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i uning yangi mutatsiyasi – K subkladasiga tegishli. Virusning bu varianti tez tarqalmoqda va Yevropa Ittifoqining barcha mamlakatlarida qayd etilgan.
Avvalroq, Uzoq Sharq Federal Universiteti Tibbiyot va hayot fanlari maktabining Klinik tibbiyot kafedrasi direktori va tibbiyot fanlari doktori Svetlana Vaxrusheva Rossiyada Gonkong grippi holatlarining o‘sish sur’ati sekinlashganini ma’lum qilgan edi. Uning ta’kidlashicha, holatlar ko‘payishi sekinroq sur’atlarda sodir bo‘lmoqda.


