Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashishga tayyorligini, biroq muzokaralarda Yevropa hamkorlari ishtiroki majburiy ekanini ma’lum qildi. Bu haqdagi bayonot “Strana.ua” tomonidan e’lon qilingan.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, Tramp bilan yuzma-yuz muloqot qilinishi zarur bo‘lgan bir qator “nozik masalalar” mavjud. Ammo Ukraina rahbari muzokaralar faqat xalqaro sheriklar bilan birgalikda olib borilgandagina samarali bo‘lishini qayd etdi.
Ukraina Prezidenti, shuningdek, Jenevada AQSH bilan o‘tkazilgan muzokaralar ijobiy natija berganini bildirdi.
“Bizning qo‘limizda Jenevadagi muloqot jarayonida jamoalarimiz tomonidan ishlab chiqilgan konseptual hujjat mavjud. U hozir muhokama qilinmoqda va biz Amerika Qo‘shma Shtatlari — Prezident Tramp ishtirokida — hamda Yevropa bilan birgalikda oldinga siljishimiz mumkin”, — dedi Zelenskiy.
Ukraina tomonidagi manbaga ko‘ra, yangi tinchlik rejasi bo‘yicha hujjatning yakuniy matni hali kelishilmagan. Manbaning aytishicha, bandlarning katta qismi bo‘yicha kelishuv mavjud, ammo kamida uchta prinsipial masala bo‘yicha kelishmovchiliklar saqlanib qolgan. Jumladan, ayrim hududlarning taqdiri borasida yakdil pozitsiya yo‘q.
“Ukraina qabul qilgan aniq versiya bor, deb aytish hozircha mutlaqo noto‘g‘ri”, — deya qo‘shimcha qilgan manba.


