O‘zbekistonda TikTok va Twitter‘ning ochilishi sekinlashdi
O‘zbekistonda TikTok va Twitter‘ning ochilishi sekinlashdi — har ikkala servisning yuklanishi katta qiyinchilik bilan yuz bermoqda, xususan, Twitter‘da media-fayllar yuklanmayapti.


Avvalroq, may va iyun oylarida “O‘zkomnazorat” matbuot xizmati “VKontakte”, Twitter, WeChat, Skype va TikTok servislari maʼmuriyatlariga «Shaxsga doir maʼlumotlar to‘g‘risida»gi qonunning 27-1-moddasi talablarga rioya etilishini taʼminlash choralarini ko‘rish yuzasidan ko‘rsatmalar berganini maʼlum qilgan edi. Ushbu modda («O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berishning alohida shartlari») qonunga 2021 yil 14 yanvardagi qonun bilan kiritilgan bo‘lib, uning amal qilishi 2021 yil 15 apreldan boshlangan edi.
Shuningdek, may oyida Davlat personallashtirish markazi direktori Ulug‘bek Toshxo‘jayev shaxsga doir maʼlumotlarga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda ularni jisman O‘zbekiston hududida joylashgan texnik vositalarda yig‘ilishi va saqlanishini taʼminlash maqsadida Facebook (Facebook Messenger, Instagram, WhatsApp), Google (Google Messenger, YouTube), “Mail.ru” (“VKontakte”, “Odnoklassniki”), Microsoft (Skype), Telegram, Tencent (Wechat), TikTok, Twitter, Yandex (“Yandeks.Taksi”, “Yandeks.Xarita”, “Yandeks.Messenjer”, “Yandeks.Dengi”)ga qonunchilik talablarini bajarish haqida murojaat xatlari yuborilganini bildirgan edi.
Ko‘rsatib o‘tilgan qonun moddasi talablariga ko‘ra, «mulkdor va (yoki) operator O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir maʼlumotlariga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida ishlov berishda ularning jisman O‘zbekiston hududida joylashgan texnik vositalarda hamda belgilangan tartibda Shaxsga doir maʼlumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir maʼlumotlar bazalarida yig‘ilishini, tizimlashtirilishini va saqlanishini taʼminlashi shart».
Hozircha Twitter, TikTok va boshqa servislarning O‘zbekiston hududida bloklangani yoki ularga kirish tezligi majburiy pasaytirilgani yuzasidan rasmiy bayonot berilganicha yo‘q.







