Twitter rahbari Jek Dorsi o‘zining birinchi tvitini sotuvga qo‘ydi
Twitter ijtimoiy tarmog‘i rahbari va asoschilaridan biri Jek Dorsi o‘zining 2006 yil 21 mart kuni yozilgan birinchi tvitini sotuvga qo‘ydi, deb xabar bermoqda Meduza.


5 mart kuni u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shu haqda xabar qoldirdi va tvitlar bilan savdo qiladigan Valuables platformasiga havola joylashtirdi.
The Verge yozishicha, Dorsi o‘zining birinchi tvitini NFT — o‘zgarmas token sifatida sotishga urinmoqda. Dorsi savdolar bo‘lib o‘tayotgan sahifaga havolani qo‘yganidan keyin bir necha daqiqada tvitning narxi 88 ming dollargacha ko‘tarildi. Ayni paytda esa Twitter rahbarining ilk xabari uchun taklif qilingan eng katta narx 2,5 million dollar bo‘lib turibdi.
Dorsi qachondan buyon birinchi tvitini sotishga urinayotgani nomaʼlum. Fox Business telekanali qayd etishicha, tvitni sotib olish bo‘yicha birinchi takliflar 2020 yil dekabridayoq paydo bo‘lgan, ammo savdo 5 martdagina omma eʼtiborini tortgan.
Non-fungible token (NFT) — o‘zaro almashina olmaydigan token — blokcheynda yaratilgan raqamli aktivlar bo‘lib, buyumning originalligini, shuningdek, uning egasining mulk huquqini kafolatlaydi. O‘zaro almashina olmaydigan token yagona, noyob, uni qaytadan yaratib bo‘lmaydi, bitta NFT narxi esa boshqa NFT qiymatiga bog‘liq emas. NFT ko‘rinishida fotosuratlar, video, raqamli sanʼat asarlari, o‘yinlardagi elementlar, sport kartochkalari chiqariladi.







