Jamiyat

Tarag‘ay qishlog‘idagi uch haykal kimniki?

Amir Temur bobomizning dunyo tamaddunida tutgan o‘rni beqiyos. Shu bois bugungi kunga qadar bobokalonimiz bilan bog‘liq voqealar, obidalar, tarixiy manzillar butun dunyo sayyohlarining eʼtiborini ohanrabodek o‘ziga rom etib keladi.

Tarag‘ay qishlog‘idagi uch haykal kimniki?

 

 

 

Qashqadaryo viloyati ham sohibqiron tug‘ilib o‘sgan yurt sifatida tarixda qolgan va vohada buyuk sarkarda hayoti bilan bog‘liq manzillar talaygina. Viloyatning chekka hududlarida bobokalonimizning ajdodlari bilan bog‘liq yana bir hudud borki, u yer haqidagi qiziqarli maʼlumotlar hali ko‘pchilikka maʼlum emas. Bu Chiroqchi tumanidagi Tarag‘ay qishlog‘idir. Shu yerlik keksa otaxonlarning aytishicha, bu qishloq Amir Temurning otasi Muhammad Tarag‘ay Bahodir nomi bilan ataladi. Turkiy tilda Tarag‘ay so‘zi «nurday taralsin, ko‘paysin, katta hududlarni egallasin» degan maʼnolarni bildirar ekan. Tarixdan maʼlumki, bu tilak ijobat bo‘ldi. Shundan bo‘lsa kerak Amir Temur ham o‘zining suyukli nevarasi Ulug‘bekka dastavval Tarag‘ay deb ism qo‘ygan ekan.

 

Yana bir jihat — Tarag‘ayning mangulikka daxldor yodgorliklari Amir Temur g‘ori. G‘or nihoyatda ulkan. Ichkariga kiriyb 50 metr yurilgach, uch tomonga yo‘l ketadi. Biroq hech kim bu yo‘llarning oxirigacha borgan emas. Ushbu g‘or hozirgacha yashirin tilsimlari bilan kishilarni o‘ziga jalb etib kelmoqda. Tog‘li Tarag‘ayning yuqorisida esa “Dunyotepa” tarixiy yodgorligi joylashgan. Mazkur tepalik ulkan daraning shunday qismida o‘rnashganki, uning ustidan turib, Chiroqchi tarafga qaralganida, o‘nlab chaqirim masofa ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi.

 

Ushbu maskanda Amir Temur g‘origa chiqib ketish yo‘lida bobokalonimiz haykali joylashgan bo‘lib, Sohibqiron maslahatchilari Faxriddin Tusiy va Hofizi Abro‘lar bilan birga turgani tasvirlanadi. Ammo ushbu haykalni ko‘rgan odamda butkul boshqacha fikr uyg‘onadi. Go‘yoki, odam o‘zini Pasxa orolidagi haykallar ichiga tushib qolgandek tasavvur etadi. Ushbu haykal tarixi bilan qiziqdik.

 

— Bu haykal 1996 yilda bunyod etilgan, — deydi Tarag‘ay qishlog‘i faoli Ilyos Toshpo‘latov. — Haykalning supasi ikki qavatdan iborat. Tag supasi 11x7 metr, ikkinchi supasi 3x4 metr. Supaning qurilishi va haykal oldidagi ikkita favvora qishloq odamlari yordamida daryodan tosh, qum chiqarib, hashar yo‘li bilan barpo etilgan. “Dunyotepa” pastidan haykalgacha 1 550 ta zinapoyali beton yo‘lak bor. Rejaga ko‘ra, aslida, ushbu yerni Sohibqiron qadamjosi  sifatida rasmiylashtirish kerak edi. Biroq bu ish hanuzgacha, mavhumligicha qolmoqda. Bu masala yuzasidan ko‘p joylarga murojaat qildik. Ammo natija bo‘lmadi.

 

Tarag‘ay qishlog‘ining yana bir faoli Olim Xoliqovning aytishicha,  Amir Temur haykalining boshi shu yerga kelgan mehmonlar tomonidan sindirib ketilgan. Haykal boshsiz turmasin, degan maqsadda asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Saʼdulla Bo‘tayev tashabbusi bilan haykalning bosh qismi hozirgi ko‘rinishda, qaytadan yasalgan. Keyinchalik qarovsizlikdan qor-yomg‘ir ostida qolib, xarob holga kelib qolgan.

 

Tarag‘ay qishlog‘iga nafaqat yurtimiz viloyatlaridan, balki chet eldan ham ziyoratchi-mehmonlar ko‘p keladi. Ularga ulug‘ ajdodlarimizni mana shunday xarob holda tanitishimiz qanchalar o‘rinli? 

 

 

Joriy yilning fevral oyida viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning Tarag‘ay qishlog‘iga tashrifi chog‘ida: “Biz Madaniyat vazirligiga xat bilan chiqamiz. Bu holatga befarq qarab bo‘lmaydi. Bu baland tog‘larga mos haykal kerak", — deya alohida taʼkidlagan edi. Ammo oradan olti oy o‘tganiga qaramay, haykal hamon o‘sha “viqor”da bo‘y ko‘rsatib turibdi.

 

 

Bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Viloyat madaniy meros agentligi xodimi Hislat Xotamov bilan bog‘landik:

 

— Haykalni buzish uchun ilmiy kengash qarori kerak. Avgust oyi oxiriga qadar haykalni olib tashlab, o‘rniga Amir Temurning yoshlik paytidagi haykalini o‘rnatish rejalashtirilgan.

 

Buyuk sarkarda bobomiz dunyo sahnida o‘ziga xos o‘ringa ega. Temur va Temuriylar tarixi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan Tarag‘ay qishlog‘ida Sohibqironning haykali bunday xarob holda turishining o‘zi taajjubli. O‘ylaymizki, mutasaddilar taʼkidlaganidek, bu ish avgust oyida qayta tiklanadi va “Dunyotepa” yodgorligi huzuriga mahalliy hamda xorijiy sayyohlarni qaytadan jalb etadi.

 

                                               Zayniddin Norquvvatov

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"