Saylov menda katta taassurot qoldirdi – pokistonlik kuzatuvchi
Zamon.uz muxbiri Pokistondan kelgan xalqaro kuzatuvchi fikrlari bilan qiziqdi.

Professor Qosim Jon, Peshovar Universiteti professori, Pokiston:
— Avvalo O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasining kuzatuvchi sifatida taklif qilganidan minnatdorman. Saylovlar juda muhim jarayon. Hukumat va odamlar o‘z kelajagini aynan saylovlarda belgilaydi.
Kecha to‘rtta saylov uchastkasiga bordim. Undagi jarayonlar menda katta taassurot qoldirdi. Birinchidan, odamlar saylovda ishtirok etish uchun erta tongdanoq kela boshladi. Uchastkalardan birida, soat 9:00 bo‘lishiga qaramay, 200 ga yaqin saylovchi keldi.
So‘nggi uchastkaga 15:00 da bordim va saylovda qancha odam qatnashgani bilan qiziqdim. Menga saylovchilarning 70 foizga yaqini ovoz berib bo‘lganini aytishdi. Bu juda yaxshi ishtirok.
Yana bir muhim jihat –– saylovning erkinligi. Hech qaysi partiya o‘z nomzodiga ovoz berishni so‘ramaydi. Odamlarda o‘zi munosib ko‘rgan nomzodni tanlash imkoni mavjud.
Uchinchidan, saylovlar shaffof bo‘lib o‘tdi. Uchastkalarda barcha partiya vakillari bor edi. Aynan shaffoflik – saylovlardagi eng muhim jihat.
Saylov yaxshi tashkil etilgan. Odamlar o‘z saylov uchastkalarini topishlari uchun maxsus dasturlar ishlab chiqilgan. Shu bilan birga OAVga yaxshi sharoitlar yaratib berilgan.
Avvalroq rossiyalik kuzatuvchining saylov haqidagi fikrlari xabar qilingandi.
Jahongir Qo'ziyev







