O‘quvchilar janjaliga aralashgan o‘qituvchi jazolandi: unga intizomiy jazo qo‘llandi
O‘quvchilarning ota-onalariga nisbatan ham ma’muriy chora ko‘rish yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilindi.

Chortoq tumanidagi 46-maktabda ikki o‘quvchi o‘rtasida kelib chiqqan janjalga aralashgan jismoniy tarbiya o‘qituvchisiga o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizi miqdorida intizomiy jazo qo‘llanildi.
Namangan viloyati ta’lim va ilm-fan boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 18-noyabr kuni 9-«A» sinfida beshinchi dars vaqtida sodir bo‘lgan. Ikki o‘quvchi o‘zaro haqoratlashib, jismoniy kuch ishlatish orqali janjalni davom ettirgan.
O‘qituvchi ularni bir necha bor ajratib, tartibga chaqirgan. O‘rganish davomida pedagog o‘quvchilarning bir-biriga tan jarohati yetkazishining oldini olishga uringani, o‘quvchilar esa unga nisbatan ham jismoniy kuch ishlatishga harakat qilgani aniqlangan.
Shu bilan birga, o‘qituvchining vaziyatga munosabat bildirish jarayonidagi xatti-harakatlari pedagogik odob-axloq va kasbiy etika talablariga zid deb topilgan. Shu sababli unga Mehnat kodeksining 312-moddasi 2-bandiga asosan intizomiy jazo tayinlangan.
Bundan tashqari, o‘quvchilarning ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi asosida chora ko‘rish masalasida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilingan.








