Iordaniya bilan iqtisodiy sheriklik: beshta sohada hamkorlik kengaytiriladi
O‘zbekiston Prezidenti va Iordaniya Podshohi ikki mamlakat biznes forumida ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston – Iordaniya biznes forumining ochilish marosimida ishtirok etdi. Tadbirda ikki mamlakat hukumatlari a’zolari, yetakchi kompaniyalari rahbarlari va ishbilarmon doiralari vakillari qatnashdi. Forumda Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn hamda mamlakat Sanoat palatasi raisi Fathi al-Jag‘bir ham so‘zga chiqdilar.
Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida o‘tgan yili Iordaniya Podshohining Samarqandga amalga oshirgan tarixiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochganini alohida ta’kidladi.
Oliy va yuqori darajadagi faol muloqotlar natijasida iqtisodiy hamkorlik ko‘lami izchil kengayib bormoqda. So‘nggi besh yilda o‘zaro savdo hajmi qariyb 9 barobar, birgina 2025-yilda 80 foizga oshdi. O‘zbekistonda iordaniyalik investorlar ishtirokidagi 20 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.
Toshkent va Ammon o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilib, o‘zaro vizasiz tartib joriy etildi. Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining ilk yig‘ilishlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Davlat tashrifi doirasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi. Hujjat 300 turdagi tovarga nisbatan pasaytirilgan bojxona bojlari stavkalarini qo‘llashni nazarda tutadi.
Prezident ushbu bitim o‘zaro mahsulot yetkazib berish hajmini sezilarli darajada oshirish, tovar ayirboshlash ko‘rsatkichini 500 million dollarga yetkazish uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirdi.
O‘zbekiston yetakchisi biznes-forum doirasida salmoqli shartnoma va kelishuvlar imzolanganini olqishlab, iqtisodiy sheriklikni kengaytirishning beshta ustuvor yo‘nalishiga to‘xtaldi.
Birinchisi – to‘qimachilik sanoati. O‘zbekiston xomashyosi va yarim tayyor mahsulotlari asosida Aqaba maxsus iqtisodiy zonasida qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga birgalikda eksport qilish taklif etildi.
Ikkinchisi – tog‘-kon sanoati. Iordaniyalik investorlar muhim minerallar sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun Toshkent va Samarqandda tashkil etilayotgan “Kelajak metallari” texnoparklarida hamkorlik qilishga taklif etildi.
Uchinchisi – farmatsevtika sanoati. Yangi turdagi farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni birgalikda mahalliylashtirish va ilg‘or texnologiyalar transferini yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi. Bu borada iordaniyalik sheriklar uchun “Tashkent Pharma Park” klasterida zarur sharoit va imtiyozlar yaratilishi ta’kidlandi.
To‘rtinchisi – kimyo sanoati. Ikki mamlakatning mavjud imkoniyatlarini birlashtirgan holda raqobatbardosh mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish istiqbollari ko‘rsatib o‘tildi. Ozuqa qo‘shimchalari, maishiy kimyo mahsulotlari va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar olqishlandi.
Beshinchisi – qishloq xo‘jaligi. Qo‘shma agrosanoat klasterlarini tashkil etish, urug‘chilik, bog‘dorchilik va chorvachilikni rivojlantirish orqali ikki mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shish mumkinligi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun ham katta imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi. O‘zaro vizasiz tartib va bevosita aviaqatnovlar sayyohlar oqimini ko‘paytirish uchun qulay sharoit yaratayotgani ta’kidlandi.
Prezident iordaniyalik do‘stlarni islom olamining buyuk tarixiy va ma’naviy markazlari bo‘lmish qadimiy Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarini ziyorat qilishga taklif etdi.
Forum doirasida ishbilarmon doiralar vakillari o‘rtasidagi uchrashuvlarda charm sanoati, teletibbiyot, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari, elektrotexnika va logistika sohalarida ham qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Iordaniyalik ishbilarmonlar O‘zbekistonda yaratilgan qulay investitsiya muhiti, erkin iqtisodiy zonalar faoliyati va sanoat kooperatsiyasi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirildi.
Kelgusi yilning mart oyida Toshkent shahrida navbatdagi O‘zbekiston – Iordaniya biznes forumi o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Davlatimiz rahbari iordaniyalik sheriklarni ushbu tadbirda yangi taklif va tashabbuslar bilan faol ishtirok etishga, mamlakatimiz tadbirkorlarini esa Iordaniya bozoridagi imkoniyatlardan keng foydalanishga chaqirdi.
Erishilgan kelishuvlar va qo‘shma loyihalar ijrosi Hukumatlararo komissiya doirasida muntazam monitoring qilib borilishi belgilandi.








