O‘zbekiston — Rossiya: Toshkentda sayyohlik forumi bo‘lib o‘tdi
Rossiya Federatsiyasi O‘zbekiston bilan turizm sohasida hamkorlikda yetakchi o‘rinlardan birini egallagan.

O‘zbekiston — Rossiya mintaqalararo hamkorlikning ikkinchi forumi doirasida videokonferensaloqa formatida ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlik forumi o‘tkazildi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ishtirokchilar yurtimizning sayyohlik markazlari va qadimiy shaharlari bilan yaqindan tanishdi.
“Bugungi kunda mamlakatda sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilish va buni Rossiyada ommalashtirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rilmoqda. Misol tariqasida, joriy yilda vazirlik vakillari va respublika turoperatorlaridan iborat delegatsiya Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Maxachkala va Grozniy shaharlarida “O‘zbekistonga sayohat qil” nomli promo-tadbirini o‘tkazdi. ATOR bilan hamkorlik doirasida Turizm va sport vazirligi Assotsiatsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkori bo‘lib, Rossiyaning sayyohlik kompaniyalari uchun maxsus lending, taʼlim va sertifikatsiya tizimini yaratish yo‘li bilan O‘zbekiston Akademiyasi tashkil etilgan”, — dedi O‘zbekiston Respublikasi turizm va sport vazirning birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Aʼzamov.
Rossiya tomoni o‘zbekistonlik hamkasblarini Rossiyada turizm sohasini rivojlantirish dasturlari, pandemiya davrida turizm industriyasini tubdan o‘zgartirish, hududlarda sanoat, dam olish va tibbiyot turizmini rivojlantirish borasidagi ishlar bilan tanishtirdi.
“Rossiya Ishbilarmonlari”ni rivojlantirish qo‘mitasi rahbari, “VL TRAVEL” kompaniyasi prezidenti Yelena Krivenkova Rossiyada O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlari barchaga maʼlum hamda rossiyalik sayohatchilar mamlakatingizga mamnuniyat bilan tashrif buyurishrini taʼkidladi. E.Krivenkova Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro sayyohlik oqimi tez orada ortishiga umid bildirdi.
Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston va Rossiya turizm sohasida hali foydalanilmagan ulkan salohiyatga ega ekani, tomonlar yana-da faol va keng ko‘lamda hamkorlik qilishi zarurligi qayd etildi. Tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda O‘zbekiston va Rossiya turizm biznesini yana-da faolroq qo‘llab-quvvatlashga kelishib olishdi.
Taʼkidlanishicha, O‘zbekiston hamda Rossiyaning keng ommalashishiga, o‘zbek xalqining tarixi, madaniyati va anʼanalarini chuqurroq ochib berishga xizmat qiladi.
Maʼlumot uchun: tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi rahbariyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o‘rinbosarlari, Buxoro, Samarqand va Xorazm viloyatlari hokimlarining turizm, sport va madaniyat masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, O‘zbekiston turizm assotsiatsiyalari mutasaddi rahbarlari va sayyohlik kompaniyalari vakillari ishtirok etishdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning Saudiya Arabistondagi elchisi Ulug‘bek Maqsudov “Vahatal harir” turistik kompaniyasi rahbari Abdulmajid bin Abdulaziz bilan uchrashgandi.
Avvalroq Aziz Abduhakimov Glazgodagi iqlim masalalari bo‘yicha xalqaro sammitda ishtirok etgani, THE NEW YORK TIMES gazetasining sahifalarida Samarqandning sayyohlik salohiyati yoritilishi, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati Belgiya jamoatchiligi diqqat markazida bo‘lgani, O‘zbekistonda barcha turdagi mehmonxonalarga sertifikat berish muddati 15 kunga qisqargani, Qo‘qon Turkiy kengashning ilk turizm poytaxti deb eʼlon qilingani hamda jahon musulmonlari sayohati indeksi reytingida O‘zbekiston 16-o‘rinni egallagani haqida xabar berilgandi.







